TOShKENT, 4 apr - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda sheriklikni, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bank-moliya, madaniyat va ta’lim sohalarida kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar, deyiladi xabarda.
Erishilgan kelishuvlar, shu jumladan mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasida qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o‘zaro manfaatli kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha qo‘shma fond tashkil etishni jadallashtirish muhimligi qayd etilgan.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va mintaqada pandemiya oqibatlariga qarshi samarali kurashish maqsadida o‘zaro hamkorlik va yaqindan muvofiqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Tomonlar mamlakatlarimizda ko‘rilayotgan birinchi navbatdagi preventiv choralar va epidemiologik vaziyatni nazorat qilish tadbirlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaganlar.
Koronavirusga qarshi kurashishda faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlangan.
Davlat rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikka oid va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashishgan.