TOShKENT, 2 apr - Sputnik. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning fikricha, ayrim "kuchli davlatlar" COVID-19 koronavirusi pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan vaziyatdan jahonda o‘z ta’sir doirasi chegaralarini qayta taqsimlash maqsadida foydalanmoqchi.
Prezident matbuot-xizmati xabariga ko‘ra, Lukashenko ushbu fikrni payshanba kuni Belarusdagi "Mir" davlatlararo teleradiokompaniyasi vakolatxonasiga bergan intervyusi davomida aytgan.
Respublika rahbariga ko‘ra, global o‘yinchilar, koronavirus epidemiyasi tufayli yuzaga kelgan jahon inqirozidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishlari mumkin. Lukashenkoning aytishicha, hozirda ko‘pchilikni qiziqtirayotgan asosiy savol - bu: COVID-19 pandemiyasidan keyin nima bo‘lishidir.
"Dunyoning eng kuchli davlatlari urushsiz... koronavirus psixozi orqali, shu jumladan, infodemiya orqali dunyoni qayta taqsimlashni xohlayaptilar, chamamda", - degan Lukashenko.
Shu bilan birga u BMTning koronavirusga qarshi kurash uchun dunyo YaIMining 10%i miqdorida pul chop etish taklifini esga olgan. Lukashenko bu pullarni "puch pullar", deb hisoblaydi. Sababi, dollar shundoq ham qadrsizlanmoqda, pul chop etiladigan bo‘lsa, inflyatsiya boshlanishi turgan gap.
"Rublimiz bilan qayerga borishimiz, aniq. Bundan tashqari: bu trillionlarni kim oladi? Ular kimda qoladi? Boylar yanada boyib, kambag‘allar yanada qashshoqlashmaydimi? Xuddi shunday bo‘ladi. Bizni shunga majbur etishdiki, biz to‘xtab, o‘tirib, o‘zimizda mavjud o‘sha ozginagina oltin zaxirasini ham yeb tugatishimiz kerak. Bu zaxira hatto Rossiyada ham ulkan, deb aytib bo‘lmaydi. Rossiya uchun hech narsamas - o‘tirsa, bir yilga yetmaydi. Bizda ham xuddi shunday. Shunda, YaIMning 10%i miqdorida pullarni bosib chiqarib, "oyoda turganlar", bizning oldimizga kelib, mana, oz-ozdan olinglar, lekin shunday keyin bizni aytganimizni bajarasizlar, deydimi. Dunyo shu tarzda bo‘lib olinishi mumkin", - deya taxmin qildi Lukashenko.
Uning aytishicha, bugungi kunda ko‘plar "pandemiyadan keyin dunyo boshqacha bo‘lishini" aytmoqda, va shaxsan u bu gapga qo‘shiladi. "Lekin bu dunyoda bizning o‘rnimiz qayerda bo‘ladi? Men uchun muhim savol shu. Koronapsixoz ham, infopandemiya ham emas. Bu masalalar ham bor, albatta, lekin bir ikki oydan so‘ng o‘tib ketadi. Bitta savol ochiq qoladi, bizning o‘rnimiz haqidagi. Va har bir davlat oldida shunday masala ko‘ndalang bo‘ladi. Resurslarga boy - Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, ayniqsa, Armaniston va Qirg‘iziston, Ukraina va bugungi kunda Belarus prezidenti siyosatini shubha ostiga qo‘yishni xohlayotgan Nauseda (Litva prezidenti Gitanas Nauseda - tahr.) oldida ham. Bizni urushsiz bo‘lib olishmasaydi, deb qo‘rqaman", - deb qo‘shimcha qildi Lukashenko.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, u Belarusda COVID-19 sharoitida ham ishlab-chiqarish to‘xtab turmasligi tarafdori, chunki ko‘pchilik: litvaliklar, latviyaliklar va boshqalar singari "to‘xtaydigan bo‘lsa", pandemiyadan keyin respublika taqdiri ne kechishidan havotirda. "Ular yenga oladi. Rossiyada butun dunyo ehtiyoj sezadigan neft va gaz bor. Xitoy - iqtisodiy sohada ulkan quvvatlarga ega. Amerikaning bosma stanogi bor: ikki trillionni tashlasa, yana ikki trillion tayyor turadi", - deya qo‘shimcha qilgan Lukashenko.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi turdagi koronavirus infeksiyasi - COVID-19 tarqalishini - pandemiya, deb e’lon qildi. BSST taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda ushbu virusga chalinganlik bo‘yicha 820 mingdan ortiq holat qayd etilgan, 40 mingdan ziyod kishi vafot etgan.