TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Toshkent shahar IIBB internet tarmog‘idagi tarqalgan Yunusobod tumanidagi to‘y o‘tkazilgani aks etgan video yuzasidan izoh berdi.
Marosimda o‘zbek estradasining taniqli xonandasi Mavluda Asalxo‘jayevaning ishtirok etgani videorolikni tomosha qilganlarning e’tiborini tortgan. Foydalanuvchilar tadbir ishtirokchilarini karantin davrida tartibni buzganlikda ayblaganlar.
Toshkent shahar IIBB xodimlari tekshiruv o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, tadbir 22-mart kuni, ya’ni koronavirus tufayli to‘y-hashamlarni bekor qilish haqidagi qaror kuchga kirishidan bir kun oldin bo‘lib o‘tgan.
Ta’kidlanishicha, to‘y kuyovning – 28 yoshli Sh.S.ning uyida o‘tkazilgan. Unda 3 nafar erkak, kelin va 6 ta ayol hamda xonanda Mavluda Asalxo‘jayeva ishtirok etgan. Xonanda uchta qo‘shiq kuylab, tadbirni tark etgan.
“Sh.S. to‘y o‘tkazishi haqida oldindan mahalla raisini va profilaktika inspektorini ogohlantirgan”, - deyilgan xabarda.
IIBB fuqarolardan biror ma’lumotni internetga muhokama qilish uchun chiqarishdan oldin uning tafsilotlarini o‘rganib chiqishini so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda karantin munosabati bilan qator taqiqlar o‘rnatilgan. Nafaqat viloyatdan viloyatga, balki shahar va tumanlar o‘rtasida ham transport harakati cheklandi. Fuqarolarga zarur bo‘lmaganda uyidan tashqariga chiqish cheklandi. Fuqarolar o‘zaro muloqot chog‘ida 2 metr masofa saqlashi shart. Qolaversa, ko‘chada va jamoat joylarida 3 kishidan ortiq odamlarning to‘planishi taqiqlanadi.
Shuningdek, mamlakat fuqarolarini sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosim singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi bekor qilingan.