TOShKENT, 28 mar - Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qildi.
Murojaatda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holat tufayli Buyuk Britaniyaning Ichki ishlar vazirligi rasmiy portalida Birlashgan Qirollik hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolarining vizalarini uzaytirish bo‘yicha yangi qoidalarni joylashtirilgani haqida aytilgan.
"Sayohat cheklovlari tufayli Buyuk Britaniyani tark eta olmayotgan va mamlakatda qolish uchun ruxsatnoma muddatlari tugayotgan O‘zbekiston fuqarolarining vizalari 2020-yil 31-mayga qadar uzaytiriladi", - deyiladi xabarda.
Buning uchun fuqaro Buyuk Britaniya Immigratsiya xizmati bilan CIH@homeoffice.gov.uk elektron pochtasi orqali bog‘lanib, o‘zi haqida zarur ma’lumotlarni (to‘liq ismi, fuqaroligi, oldingi viza raqami) berishi hamda mazkur mamlakatdan hozirda chiqib keta olmayotgani sababini qisqacha tushuntirishi kerak.
Shuningdek, 31-mayga qadar Buyuk Britaniyani tark etmasdan turib mazkur davlatda uzoq muddatli yashash ruxsatnomasini olish uchun onlayn murojaat etish ham mumkin. Bunday holda, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi o‘zgarmaydi va standart to‘lovni amalga oshirish talab etiladi.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun 0800 678 1767 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.