TOShKENT, 24 mar - Sputnik. O‘zbekiston fuqarosi chet elda koronavirusga chalinsa o‘sha davlatda davolanishi kerak. Bu haqida Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov AOKAda bo‘lib o‘tgan onlayn brifingda xabar qildi.
"Xalqaro tibbiy-sanitariya qonun-qoidalariga asosan, yuqumli kasallik qaysi davlatda qayd etilgan bo‘lsa, o‘sha davlatning sog‘liqni saqlash tizimi xizmati tomonidan davolash yo‘lga qo‘yilgan. Bemorni boshqa davlatlarga yuborish mumkin emas.
Agarda chegaradan o‘tish jarayonida aniqlansa, u yerdagi sanitariya-karantin postlaridagi tibbiyot xodimlari tomonidan kasallikda gumon qilingan bemorlar, fuqaroligi kim bo‘lishidan qat’iy nazar, vaqtinchalik «izolyator”larga joylashtiriladi. Va tibbiyot muassasasiga telefon orqali murojaat qilib, belgilangan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga gospitalizatsiya qilinadi va o‘sha yerda o‘z vaqtida tashxis qo‘yish, davolash tadbirlari davom ettiriladi", - dedi Almatov.
Eslatib o‘tamiz, koronavirus epidemiyasi boshlanganidan buyon O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga vataniga qaytishga shoshilmaslikka, o‘zlari vaqtincha bo‘lib turgan mamlakatda e’lon qilingan karantin qoidalariga amal qilishga va ehtiyoj tug‘ilganda mahalliy shifoxonalarga murojaat qilishni maslahat bergan edi. Shuningdek, Janubiy Koreyada koronavirus tashxisi qo‘yilgan O‘zbekiston fuqarosiga ham ushbu mamlakatda qolib davolanish qat’iy tavsiya qilingan edi.