TOShKENT, 26 mar - Sputnik. Musulmonlar Moskva merining fuqarolarning diniy obyektlarga tashrif buyurmasliklari bo‘yicha qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydilar va bu borada barcha choralarni ko‘rganlar, deb xabar qildi RIA Novosti XAAga Rossiya muftiylar kengashi rahbari o‘rinbosari Rushan Abbasov.
"Biz allaqachon kerakli choralarni ko‘rib qo‘ydik. 18-martdan boshlab Moskva va Moskva viloyatidagi masjidlarimizni jamoaviy va juma namozlariga yopdik va boshqa mintaqalarda ham barcha shu choraga amal qilmoqda. Biz merning bu murojaatini albatta qo‘llab-quvvatlaymiz va dindorlarimizni "uyda o‘tiring" aksiyasini qo‘llab-quvvatlashga, ko‘p sonli odamlar ishtirok etadigan katta tadbirlarga bormaslikka chaqiramiz", - dedi Abbasov.
Uning ta’kidlashicha, o‘tgan juma kuni musulmon jamoalari onlayn-translyatsiyalardan foydalangan holda dindorlarsiz ibodat qildilar. Shuningdek, uyda o‘tirgan holda imomlar ma’ruzalarini tinglash mumkin bo‘lgan va musulmonlar uyda ibodat qilganlar.
"Bu chora-tadbirlarga barcha tushungan holda yondashdi, umuman diniy ilm nuqtayi nazaridan shunday choralarga o‘rin bor", - dedi musulmon arbobi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto Muhammad payg‘ambar davrida ham odamlar uchun jiddiy xavf mavjud bo‘lgan taqdirda muazzinlar (masjiddagi hizmatchilar) baland ovozda azon (namozga chaqirish - tahr.) aytib, unda "namozni o‘z uylaringizda o‘qing", deganlar.
"Va bugun ham biz xuddi shu chaqiriqqa amal qilamiz - uylarda ibodat qilamiz va dindorlardan masjidga kelmaslikni so‘raymiz. Bu majburiy choradir. Aloqani yo‘qotmaslik uchun yangi texnologiyalardan foydalanamiz, chunki bugungi kunda har bir uyda internet bor",- dedi Abbasov. U barcha musulmon o‘quv markazlari masofaviy o‘qishga o‘tkazilganini aytdi.
Moskva meri Sergey Sobanin avvalroq fuqarolarga koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat tufayli poytaxtdagi diniy obyektlarga tashrif buyurmaslikni tavsiya qilgan edi. Bu haqda tegishli qaror payshanba kuni mer va shahar hukumati portalida e’lon qilingan.