TOShKENT, 20 mar — Sputnik. Shu kunlarda O‘zbekiston Musulmonlar idorasiga “Juma namozini o‘yda o‘qisak bo‘ladimi?” – degan savollar ko‘plab kelib tushmoqda. Savollarga O‘MIning Ulamolar kengashi javob berdi.
Shu kunlarda aksar musulmon yurtlarining xalqaro va mahalliy fatvo uyushmalari, ulamolari mo‘min-musulmonlarning jonlarini omon saqlash uchun masjidlarda yig‘ilmaslik, xavf o‘tib ketguncha ibodatlarni uyda ado etib turish qaroriga kelishgan.
Bunga yetarlicha asos borligini va masala jiddiy ekanligini eslatishgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi fatvosida ham juma namozi o‘rniga uyda peshin namozi ado etilishi aytilgan.
Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha, musulmonlar juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini o‘qishlari mumkin. Shuningdek, besh vaqt namozlarni ham uyda ado etish maqsadga muvofiqdir, - deyilgan Ulamolar Kengashi xabarida.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’atining fiqhiy manbalardan keltirib aytishicha, juma namoziga davlat boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari tomonidan umumiy ruxsat bo‘lishi, uni odamlarga davlat boshlig‘i yoki muftiy tomonidan tayinlangan kishi ado qilib berishi kerak.
Juma namozi uyda o‘qilganda esa mana shu shartlar topilmaydi, natijada namoz durust bo‘lmaydi, deyilgan xabarda.