TOShKENT, 25 mar - Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonining neft ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali Rossiyani neft bozorlaridan siqib chiqarish rejalarini qo‘llab-quvvatladi, deya xabar beradi Politico ishonchli manbalariga tayanib.
9 mart kuni Oq uy rahbari Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan telefon orqali suhbatida o‘z pozitsiyasini bildirgan.
Ma’muriyat sobiq yuqori martabali xodimining so‘zlariga ko‘ra, Tramp Ar-Riyodning rejalarini ma’qulladi, lekin shu bilan birga u AQShning yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish uchun neft narxlari juda pastga tushirmasligiga chaqirdi.
Biroq, Politico suhbatdoshining ta’kidlashicha, Trampning Salmon bilan suhbatidan ikki hafta o‘tgach, narxlarning pasayishi shunchalik keskin bo‘ldiki, Oq uy kutilmagan holatga tushib qoldi. "Hech kim bu (neft – tahr.) juda pastga tushadi deb o‘ylamagan edi”, - dedi manba.
Avvalroq TheWall Street Journal nashri AQSh Energetika vazirligi rasmiylari Tramp ma’muriyatini neft narxlarini tartibga solish uchun Saudiya Arabistoni bilan ittifoq tuzishga chaqirayotganini xabar qilgan edi.
Taxmin qilinishicha, bunday qaror neft narxining keskin pasayishiga yo‘l qo‘ymaydi va Saudiya Arabistonining Rossiya bilan hamkorligini susaytirishi mumkin.
Trampning o‘zi esa o‘tgan hafta Rossiya va Saudiya Arabistoni bozor ulushi uchun kurashayotganini va bu neft narxlarini so‘nggi o‘n yillikdagi eng past darajaga tushirganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu vaziyatga kerak bo‘lganida "mavridida" aralashadi, ammo hozircha ular arzon narxlar va neft sanoatining himoyasi o‘rtasidagi "o‘rtalikni" izlamoqdalar.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Amerika rahbarining so‘zlarini izohlar ekan, Kreml uning bayonotlarining sababini tushunishini ta’kidladi - ko‘plab kompaniyalar past narxlardan aziyat chekmoqda va amerikalik slanes nefti ishlab chiqaruvchilari esa og‘ir ahvolda.
OPEK+ bitimining buzilishi
Mart oyi boshida OPEK+ davlatlari neft qazib olishni qisqartirish va uni uzaytirish bo‘yicha kelishuv parametrlarini o‘zgartirish to‘g‘risida kelisha olmadilar. Ar-Riyod ishlab chiqarishni qo‘shimcha qisqartirishni talab qildi, ammo bu hozirgi sharoitni saqlab turishni taklif qilgan Moskvaga to‘g‘ri kelmadi.
Natijada, 1-apreldan boshlab OPEK+ bitimining ishtirokchilari bir-birlari oldida hech qanday majburiyatlari qolmaydi. Shundan so‘ng, saudiyaliklar ishlab chiqarishni ko‘paytirishi, narxlarni pasaytirishi va yevropalik xaridorlarga chegirmalar bilan katta hajmlarni taqdim etishlarini e’lon qildi. Bu jahon bozorida neft narxlarining pasayishiga olib keldi. Yil boshidan beri narxlar ikki baravardan oshiqroqqa pasaydi.