TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda chiqindilarni titkilab, tibbiy niqoblarni yig‘ib olayotgan noma’lum fuqaroning shaxsiga oydinlik kiritildi. Bu haqda IIV axborot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning mart oylarida ijtimoiy tarmoqlarda chiqindilarni titkilab, yaroqsiz holda tashlab yuborilgan tibbiy niqoblarni terib olayotgan shaxs aks etgan videorolik tarqaldi. Videorolikda ushbu shaxsni ikki nafar noma’lum fuqaro suhbatga tortishga urinishgan va holatni uyali aloqa vositasi orqali videotasvirga olishgan.
Chiqindi to‘kish joyidagi tibbiy yuz niqoblarini yig‘ayotgan shaxsning tasviriga oydinlik kirtish maqsadida IIV axborot xizmati xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan.
Natijada, ushbu holat joriy yilning 8-mart kuni Sirdaryo viloyati Guliston tumanida o‘tkinchi yo‘lovchilar tomonidan tasvirga olinganligi ma’lum bo‘lgan.
Videotasvirdagi fuqaroning shaxsiga oydinlik kiritilganida, uning ruhiy nosog‘lom ekanligi aniqlangan. So‘ng uning oila a’zolari bilan tushuntirish-profilaktik suhbatlari olib borilgan.
Fuqaro yashayotgan hudud mahalla raisining ma’lum qilishicha, fuqaro ruhiy nosog‘lomligi bo‘yicha ro‘yxatda turib, 2 guruh nogironi hisoblanadi.
"U maskalarni yig‘ib mahallaga sotmagan, shunchaki tibbiy niqoblarni makulaturaga topshirish uchun yiqqan," – deydi mahalla raisi.
IIV axborot xizmati fuqarolardan to‘liq ishlatilgan yuz niqoblarini imkon qadar yaroqsiz holatga keltirib, so‘ng chiqindilarga tashlashni tavsiya qilmoqda.