TOSHKENT, 23 mar - Sputnik. Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etiladi. Bu haqda "Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Hukumat qarorida aytilgan.
Hujjatga muvofiq, Oʻzbekiston hududida 2020 yil 24 mart soat 00:01 dan koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etiladi.
Unga koʻra, koronavirusni respublikaning boshqa hududlariga tarqalishining oldini olish maqsadida boshqa hududlardan Toshkent shahriga kirish (avtobus, mikroavtobus, yengil avtotransport, aviaqatnovlar va temir yoʻl transport vositalari orqali) toʻxtatiladi.
Toshkent shahrida doimiy roʻyxatdan oʻtgan shaxslar, shuningdek Toshkent viloyatida doimiy roʻyxatdan oʻtgan holda Toshkent shahrida mehnat qilayotgan davlat tashkilotlari xodimlari (nodavlat tashkilotlarida – ish beruvchining tegishli ruxsatnomasi asosida) hamda yuk tashish bilan bogʻliq hollarda Toshkent shahriga kirish va chiqishga ruxsat beriladi.