TOShKENT, 19 mar — Sputnik. Tojikistonda Istanbuldan Toshkentda uchib kelgan mamlakat fuqarolari qidirilmoqda. Ular ushbu samolyotda kelgan va keyinchalik koronavirus infeksiyasi aniqlangan o‘zbekistonlik bilan muloqot qilgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Sputnik Tojikiston nashri xabariga ko‘ra, bu haqda Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon respublika parlamentining yuqori palatasi majlisida ma’lum qilgan.
Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, 15-mart kuni 10 nafar Tojikiston fuqarosi Istanbul-Toshkent reysi bilan kelgan. Ulardan 6 nafarining shaxsi aniqlangan va karantinga olingan.
Hozirda qolgan 4 nafar fuqaroni qidirish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 15-mart kuni Istanbul - Toshkent yo‘nalishidagi reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan edi. Hozirda O‘zbekistonda yangi koronavirusni yuqtirib olganlar soni 23 taga yetgan. Mamlakatda infeksiya tarqalib ketishining oldini olish maqsadida turli choralar ko‘rilmoqda. Bunga barcha vositalar jalb qilingan.