TOShKENT, 18 mar - Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi tadbirlar, jumladan, 7-aprelda o‘tkazilishi rejalashtirilgan hukumat soati vaqtincha bekor qilindi.
Parlament quyi palatasi matbuot xizmati xizmati xabariga ko‘ra, ushbu qaror koronavirus infeksiyasi profilaktikasi doirasida qabul qilingan.
Qayd etilishicha, qonunchilik palatasida ish to‘xtab qolmagan. Siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari, qo‘mitalar zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda mavjud qonun loyihalari ustida ishlayapti. Qonun loyihalaridagi ko‘p masalalar telegram kanali orqali onlayn muhokama qilinmoqda.
Har bitta fraksiyadan deputat imzosi bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga deputat so‘rovi jo‘natilmoqda. Ayni paytda quyi palataga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar asosida vazirlikka savollar yo‘llanyapti. Xususan, hozirgi vaqtda ko‘p joylarda, ya’ni mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh bolasi bor xodimlarga kasallik varaqasi ochilishi tartibi, ularni o‘z hisobidan ta’tilga chiqarib yuborishga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, yosh bolali ayollarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayotgani kabi masalalar shular jumlasidan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yangi COVID-19 koronavirusi bilan kasallanishning yana ikkita holati aniqlandi, ularning soni 15 taga yetdi.
Bemorlarning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda, ular standartlarga muvofiq davolanmoqda.
O‘zbekiston hukumati koronavirus tarqalish xavfi tufayli 16-martdan boshlab boshqa davlatlar bilan transport aloqalarini to‘xtatishga qaror qildi. Xorijda yashayotgan vatandoshlar va respublikadagi chet el fuqarolari o‘z vatanlariga yetkazilishi uchun charter reyslar tashkil qilinadi.