TOShKENT, 16 mar - Sputnik, Yelizaveta Isakova. Yaqin kelajakda Yevropada yangi koronavirusdan o‘lim hollari ko‘payadi, chunki ko‘pgina davlatlar epidemiyaning boshlang‘ich bosqichida, dedi RIA Novostiga Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy vakili Tarik Yazarevich.
"Italiyada epidemiya Yevropaning boshqa mamlakatlariga qaraganda uzoqroq davom etdi, shuning uchun ko‘p kasallanganlar davolanib ketadi yoki vafot etadi. Epidemiyaning boshlang‘ich bosqichida bo‘lgan boshqa Yevropa mamlakatlarida o‘lim yaqin kunlar va haftalarda boshlanishi mumkin", - dedi u.
Yazarevichning so‘zlariga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari Italiyada infeksiyaning qachon avjga chiqishini oldindan aytib bera olishmayapti, ammo vafot etganlarning ko‘pi 2-3 hafta oldin kasal bo‘lib qolishgan.
"Kasallanishning kuniga uch yuztagacha keskin ko‘tarilishi holati Italiyaning aloqalarni kuzatish va ularni izolyatsiya qilish imkoniyatini cheklab qo‘ydi. Katta muammo shimoliy Italiyadagi bir qator holatlar aniq epidemiologik aloqaga ega emasligi bo‘ldi. COVID-19dan vafot etganlar o‘rtacha hisobda 2-3 hafta oldin yuqtirgan", - dedi u.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 11-mart kuni yangi COVID-19 koronavirusining tarqalishini pandemiya deb e’lon qildi. Dunyoning 140 dan ortiq mamlakatlarida 153 mingdan ortiq odam yuqumli kasallikka chalingan, ularning aksariyati tuzalib ketdi, 5,7 ming kishi vafot etdi.