TOShKENT, 16 mar — Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi tayyorlandi va umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Hujjatga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida nizom ilova qilingan.
“O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Ichki ishlar, Mudofaa, Adliya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi 2020-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy propiska qilish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish tartib-taomillarini avtomatlashtirilishini hamda idoralararo elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasin”, - deyilgan loyihada.
Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Mudofaa vazirligi bilan birgalikda 2021-yilning 1-yanvariga qadar: Mudofaa vazirligining “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi” tizimini joriy etish uchun tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarini himoyalangan yagona tarmoqqa ulanishini ta’minlash;
Ichki ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi Mudofaa vazirligining “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi” avtomatlashtirilgan tizimni “Manzil” hamda “Xorijga chiqish pasporti” tizimlari bilan integratsiya qilishni ta’minlash vazifalari qayd etilgan.
“Fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq doimiy yashash joylarida propiskadan o‘tishlari va (yoki) turgan joylarida hisobda turishlari shart.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, turgan joyi bo‘yicha hisobga olinmaganligi yoki doimiy propiskada turmaganligi fuqaroga xizmat ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanishi mumkin emas.
Fuqarolar yangi yashash joyiga kelgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida doimiy propiskaga yoki hisobga turish uchun hujjatlarni ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga (MvaFRB) taqdim etishlari shart.
Tug‘ilgan bola FXDYo organi tomonidan unga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomani rasmiylashtirish chog‘ida otasi yoki onasining doimiy propiska manziliga idoralararo avtomatlashtirilgan tizim orqali ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan doimiy propiska qilinadi.
16 yoshga to‘lmagan fuqaro ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning doimiy propiska manziliga doimiy propiska qilinishi yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga qo‘yilishi shart”, - deyilgan nizom loyihasida.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
Davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) MvaFRBga o‘zi kelib murojaat etganda:
10 foizi – Ichki ishlar vazirligi budjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;
qolgan mablag‘lar – O‘zbekistonning Davlat budjeti hisobiga o‘tkaziladi;
b) YaIDXP orqali murojaat etganda:
10 foizi – Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;
10 foizi – O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKning hisobraqamiga o‘tkaziladi;
10 foizi – Ichki ishlar vazirligi budjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;
qolgan mablag‘lar – O‘zbekistonning Davlat budjeti hisobiga o‘tkaziladi.
“Fuqarolarni doimiy propiska qilish Ro‘yxatga muvofiq amalga oshiriladi.
Ro‘yxatda nazarda tutilmagan shaxslar toifasi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinmaydi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolarning Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni umumiy mulk asosida olishiga qaratilgan oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya, renta, umrbod ta’minlash sharti bilan o‘zgaga berish, shuningdek, garovga (ipotekaga) qo‘yish, ko‘chmas mulkdan (ko‘chmas mulkning bir qismidan) voz kechish va ko‘chmas mulkni o‘zgaga berishning boshqa usullariga oid bitimlarni notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolarning ushbu hududlarda doimiy propiskadan o‘tishlarida qonunchilikda belgilangan bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi to‘g‘risidagi qoidalariga rioya etilishi shart.
Qonunchilikda belgilangan turar-joy maydonining ijtimoiy normasi bir kishi hisobiga o‘n olti kvadrat metrdan kam bo‘lmagan umumiy maydon hajmida, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa – yigirma uch kvadrat metrdan kam bo‘lmagan xajmda bo‘lishi talab etiladi”, - deyilgan hujjat loyihasida.