TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Endilikda O‘zbekistonda propiska so‘zi amaldan chiqarilib, o‘rniga "qayd etish" so‘z birikmasi ishlatiladi. Bu haqda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromov Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida ma’lum qildi.
“Propiska - eskidan qolib ketgan tizim. 2011-yildan hozirga qadar Toshkent viloyatida 76 mingdan ziyod fuqaro, Toshkent shahrida esa 200 ming fuqaro doimiy propiskaga o‘tgan. Endilikda propiska so‘zi amaldan chiqarilib, o‘rniga “qayd etish” so‘z birikmasi ishlatiladi”, - dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 1-aprelidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk xarid qilishda O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartib joriy etilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingan edi.
Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida joriy yilning aprel oyiga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha chora tadbirlar ishlab chiqish kerakligini ta’kidlagan edi.