TOSHKENT, 15 mar — Sputnik. Oʻzbekistonda qayd etilgan ilk koronavirus infektsiyasi toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumot taqdim etildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining maʼlum qilishicha, 14 mart kuni Respublika Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga COVID-19 koronavirus infektsiyasiga gumon qilinib, 1 nafar bemor yotqizilgan. Bemor 2020 yilning 28 fevral - 11 mart kunlari Frantsiyada sayyohatda boʻlgan.
11 mart kuni Parij-Toshkent 252-reysi bilan Toshkentga uchib kelgan. Toshkent xalqaro aeroporti sanitariya-karantin punktida termometriya hamda birlamchi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilgan va tekshiruv davomida kasallik belgilari aniqlanmagan. Asosiy yashash manziliga aniqlik kiritilib, uy sharoitida 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.
“Joriy yilning 13 mart kuni bemor tomogʻida qichishish, tana harorati koʻtarilishi hamda yoʻtal belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan”, - deyilgan xabarda.
Bemordan 14 mart kuni koronavirus infektsiyasiga labotoriya tahlili uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga namuna olingan va 15 mart kuni soat 06.00da namuna javoblariga koʻra koronavirus infektsiyasi borligi tasdiqlangan.
Samolyotda bemor bilan 48 nafar yoʻlovchilar kelgan. Ulardan 24 nafari tranzit yoʻlovchilar boʻlib, qolgan 24 nafari Oʻzbekistonda qolgan. Ushbu fuqarolarning 4 nafari Frantsiya, 1 nafar Italiya va 1 nafar Braziliya fuqarolari tashkil qiladi.
Oʻzbekistonda qolgan 24 nafar fuqarolar asosiy yashash manzili boʻyicha roʻyxatlari shakllantirildi. Ularni 14 kunlik karantin oʻtkazishi uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi. Shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 11 mart kuni faoliyat olib borgan 69 nafar chegara qoʻshinlari, bojxona, aeroport xodimlarining roʻyxati shakllantirildi hamda maxsus muassasalarda 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olindi.
Bemorning 10 nafar oila aʼzolari toʻliq tekshiruvdan oʻtkazish uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga joylashtirildi. Bemor istiqomat qiluvchi koʻp qavatli uy va bemor xonadonida dezinfektsiya tadbirlari oʻtkazildi. Shu bilan birga, mazkur koʻp qavatli uyda yashovchi 230 nafar fuqarolar roʻyxati shakllantirilib, tibbiy kuzatuvga olindi.
Eslatib oʻtamiz, 15 mart kuni Oʻzbekistonda koronavirus bilan bogʻliq ilk holat qayd etilgani rasman eʼlon qilingan edi. Hukumat infektsiyaning tarqalishini oldini olish maqsadida turli choralarni koʻrmoqda, jumladan, oʻquvchi va talabalarga taʼtil berildi, Navroʻz va boshqa tadbirlar bekor qilindi.