TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Toshkentda Sankt-Peterburg davlat universitetining MDHdagi birinchi filiali tashkil etiladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi Sankt-Peterburg davlat universitetiga tashrif buyurgan. Tashrifdan ko‘zlagan asosiy maqsad ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘lib, xususan, O‘zbekistonda Sankt-Peterburg davlat universitetining filialini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.
“Muzokaralar natijasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriligi va Sankt-Peterburg davlat universiteti o‘rtasida Toshkentda Rossiyaning nufuzli universiteti filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi”, - deyilgan xabarda.
“Bugun O‘zbekistonda jahonning yana bir nufuzli universitetlaridan birining filialini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Yangi filial biotibbiyot va sharqshunoslikka ixtisoslashadi. Biotibbiyot – biz uchun yangi ta’lim yo‘nalishidir. Filialda kimyo, biologiya, fizika va boshqa fanlar bo‘yicha ilg‘or fanlararo tadqiqotlar olib boriladi hamda bu jarayonga O‘zbekistonning yetakchi tibbiyot va farmatsevtika kompaniyalari faol jalb qilinadi”, - dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov.
Tashrif davomida, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Sankt-Peterburg davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutgan anglashuv memorandumi ham imzolandi.
Sankt-Peterburg davlat universiteti Rossiyada tashkil etilgan birinchi (1724 yil) universitet hisoblanadi. Universitet 9 nafar Nobel mukofoti laureati, 6 nafar mamlakat bosh vaziri va Rossiya Federatsiyasining 2 nafar prezidentini tayyorlagan oliy o‘quv yurti sanaladi.