TOShKENT, 18 dek – Sputnik. O‘zbekistonda Moskva davlat geodeziya va kartografiya universitetining filiali tashkil etilishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, vazirlikda Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti rektori Nadejda Kaminina boshchiligidagi delegatsiya qabul qilingan.
Uchrashuvda ushbu universitetning O‘zbekistondagi filiallarini ochish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinib, o‘quv jarayonlarini yo‘lga qo‘yish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va shu kabi boshqa masalalarga to‘xtalib o‘tilgan.
Muzokaralar yakunida esa geodeziya va kartografiya sohasi uchun hamkorlikda kadrlar tayyorlash masalasida kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining O‘zbekistonda filiali ochilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingan edi.