TOShKENT, 15 mar — Sputnik. O‘zbekiston Toshkent shahridagi metropoliten yer usti liniyasi uchun 10 ta harakatlanuvchi tarkib vagonlarini xarid qilmoqchi.
Prezidentning tegishli farmoyishi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Loyiha tashabbusi “O‘zbekiston temir yo‘llar” AJ tomonidan bildirilgan. Vagonlarni “Metrovagonmash” AJdan xarid qilish rejalashtirilmoqda.
Quyidagilar loyihani moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:
- Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 10-yil muddatga, shu jumladan 3-yil imtiyozli muddat bilan beriladigan, 6 oylik LIBOR stavkasiga teng foiz stavkasi plyus yillik 1,5 foizli, shartnoma qiymatining 15 foiz miqdoridagi krediti;
- Rossiyaning “Taraqqiyot va tashqi iqtisodiy faoliyat banki” davlat korporatsiyasining O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalashtiriladigan, 10-yil muddatga, shu jumladan, 3-yil imtiyozli muddat bilan beriladigan, yillik 2,5 foizli foiz stavkasi bilan, qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,5 foiz miqdorida marjasini qo‘shgan holda, shartnoma qiymatining 85 foiz miqdoridagi krediti;
- O‘zbekiston davlat budjetidan bojxona rasmiylashtirish xarajatlarini to‘lash uchun 0,22 million yevro ekvivalentidagi ajratilayotgan mablag‘lar.
Ushbu poyezdlar yangi texnik yechimlar asosida qurilgan bo‘lib ular elektr energiyasini 35 %gacha tejaydi. Uchinchi avlod sinxron tortuvchi dvigatellar ekspluatatsiya xarajatlarini 40 %gacha qisqartiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yangi metro poyezdlari taqdim etilgani xabar qilingan edi.