TOShKENT, 20 fev — Sputnik. Poytaxtdan Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahriga metro qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov Toshkent viloyati hokimligidagi o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Yig‘ilishda O‘zbekiston prezidentining Toshkent viloyatiga o‘tgan yil iyun oyida qilgan tashrifida berilgan topshiriqlarning ijrosini borishi, hududni 2020-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha nutq so‘zlagan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriq va vazifalarning ijrosi yuzasidan hududlar kesimida fikr bildirdi. Viloyatning ma’muriy markazi – Nurafshon shahrini zamonaviy shaharsozlik andozalariga mos ravishda barpo etishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, sustkashliklar, ularning sabablari yuzasidan o‘z mulohazalarini bayon qildi.
“Yaqin istiqbolda Nurafshon shahriga metro qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, infrastrukturani rivojlantirish masalalari bo‘yicha ayni paytda viloyat hokimligi bilan qat’iy ish olib borayapmiz. Ichimlik suvi, yo‘l qurilishi, kommunikatsiya va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar jadal davom etmoqda”, — dedi Ramatov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda qurilayotgan halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan “Do‘stlik – Qo‘yliq” uchastkasida 6 ta bekat qurib bitkazilgani xabar qilingan edi.