TOSHKENT, 15 mar — Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi Qozogʻistonda boʻlib turgan yoki ushbu mamlakatga tashrif buyurmoqchi boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolariga murojaat qildi.
Mamlakatning Qozogʻistondagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, COVID-19 koronavirusining pandemiyasi munosabati bilan 2020-yil 16-mart soat 8:00 dan 15 aprel soat 7:00 gacha Qozogʻiston prezidentining farmoni bilan mamlakatda favqulodda holat joriy etildi.
Xususan, farmonda barcha transport vositalari orqali Qozogʻiston hududiga kirish, shuningdek, uning hududidan chiqishga cheklovlar belgilangan.
Qozogʻiston va xorijiy davlatlar diplomatik xizmati xodimlari, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari aʼzolari bundan mustasno.
Hujjatga koʻra yirik savdo obektlari faoliyati cheklanadi, savdo-koʻngilochar markazlar, kinoteatrlar, teatrlar, koʻrgazmalar va boshqa omaviy toʻplanish obektlari vaqtincha toʻxtatiladi, tomosha, sport va boshqa ommaviy tadbirlarni, shuningdek oilaviy va xotira tadbirlarini oʻtkazish taqiqlanadi.
Oʻzbekiston TIV vatandoshlarga vaqtincha, shu jumladan tranzit orqali Qozogʻistonga bormaslikni tavsiya qiladi va Qozogʻistonda boʻlib turgan fuqarolar zarur hollarda mamlakatning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmoʻla, Shimoliy Qozogʻiston, Pavlodar, Qostanay va Qaragʻanda viloyatlari, tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10 (Telegram, Whatsapp, Imo); Aqtau shahridagi bosh konsulxonaga (Aqtoʻbe, Atirau, Gʻarbiy Qozogʻiston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozogʻiston, Turkiston, Jambil va Qizil-Oʻrda viloyatlari, tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtgan.