TOSHKENT, 15 mar - RIA Novosti. Karantin vaqtida uyda oʻtirib yoki uydan ishlab ortiqcha vazn orttirish mumkin.
Buni oldini olish mumkinmi? Sputnik radiosi efirida tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor-diyetolog Ivan Alimenko shu haqda gapirdi.
"Ortiqcha vaznni orttirib olib, keyinchalik undan xalos boʻlishdan koʻra, uni yigʻmaslik osonroq. Uyda oʻtirib semirmaslikning iloji bormi? Bunday hollarda ishtahangizni qitiqlaydigan mahsulotlarga muzlatkichni toʻldirmaslik maʼqul, bundan tashqari, tez-tez amalga oshiriladigan yengil tamaddilardan koʻra, oʻz vaqtida ovqatlangan ham maʼqul", - dedi Sputnik radiosiga bergan intervyusida shifokor-diyetolog Ivan Alimenko.
"Agar siz karantinda boʻlmasangiz, yaxshisi doʻkonga tez-tez borgan va cheklangan miqdorda mahsulotlar xarid qilgan maʼqul. Ayniqsa, gap sevimli mahsulotlar haqida borsa. Uyda ishtahani qitiqlovchi oziq-ovqat mahsulotlarini koʻproq saqlaydigan odamlarning vazni bunday mahsulotlarni saqlamaydiganlarga nisbatan toʻqqiz kilo ogʻir boʻladi. Yoki bir martalik tanovvulga yetgulik mahsulotlarni oling", - deb maslahat beradi Ivan Alimenko.
Shifokor tavsiyasiga koʻra, oziqlanish kundaligini tutish va kaloriyalarni hisoblab borish ortiqcha vazn orttirishdan saqlaydi.
"Agar uyda qolayotgan boʻlsangiz, sutkasiga ikki ming kaloriyadan oshmasligi kerak. Oziqlanish kundaligini har uch soatda toʻldirib boring, bu koʻpam och qolmaslik va qancha kaloriyani isteʼmol qilayotganingizni koʻrish uchun muhim", – deb hisoblaydi Ivan Alimenko.
"Yongʻoqlar, olmalar, mevalar - bu ortiqcha vazn olish sabablaridan biri, ular kaloriyali boʻlib, uzoq vaqtga toʻyganlik hissini berolmaydi. Shu bois, bunday "kontrabandani" koʻzdan uzoq tutgan maʼqul. Agar yetarlicha suyuqlik ichmasak, koʻp ovqat yeymiz. Shu bois, agar shirinlik xush koʻradiganlar xilidan boʻlsangiz, tushlik va kechki ovqat oraligʻida yogʻsiz sutli qahva ichgan maʼqul. Bu singari ichimlik suyuqlik zaxirasini toʻldiradi va koʻpam kaloriya keltirmaydi. Bundan tashqari, televizorni ovozini baland qilib turli mashqlar bajarish ham foydali, bunda ayniqsa, kayfiyat normallashadi", - dedi Alimenko.