TOSHKENT, 15 mar — Sputnik. Fuqarolardan Toshkent shahar IIBB va uning hududiy boʻlinmalariga tibbiy niqobda kelish soʻraldi.
Taʼkidlanishicha, poytaxtda barcha tuman IIO FMB va ichki ishlar boʻlimlari, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi, shuningdek IIBB Markaziy apparati karantin davrida shtat tartibida ishlashda davom etadi.
Ammo idoralar fuqarolardan Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va senitariya-epidemiologik nazorat xizmati talablarini ijro etish maqsadida IIBB va uning hududiy boʻlinmalariga tibbiy niqoblarda kelishni soʻramoqda.
Eslatib oʻtamiz, 15 mart kuni Oʻzbekistonda koronavirus bilan bogʻliq birinchi holat qayd etildi. Shu bois Oʻzbekistonda Navroʻz va boshqa ommaviy tadbirlar bekor qilindi. 16 martdan Oʻzbekistonning chet el davlatlari bilan avia va avtomobil qatnovlari toʻxtatiladi. Oʻzbekiston fuqarolari chet elga chiqishlari, chet el fuqarolari Oʻzbekistonga kirishi vaqtincha toʻxtatiladi. Oʻzbekiston fuqarolari mamlakatga qaytishlari mumkin boʻladi, qaytgandan keyin 14 kunlik karantinda boʻlishlari talab etiladi.