TOShKENT, 13 mar – Sputnik. Moskva masjidlarida kollektiv namoz odatiy tartibda o‘tkazilmoqda, ammo koronavirus profilaktikasi davrida juma va’zi vaqti qisqartiriladi, deb xabar qildi RIA Novostiga Moskva muftiysi Ildar Alyautdinov.
"Moskvadagi jamoat joylarida va masjidlarda barcha tadbirlar odatiy tartibda o‘tkazilmoqda: namozlar va va’zlar bekor qilingani yo‘q. Ammo biz juma va’zlari davomiyligini qisqartirishga qaror qildik. Bundan tashqari, juma namozi vaqtida dindorlarni masjidda uzoq qolib ketmaslikka, bir joyda to‘planib qolmaslikka chaqirdik. Ular faqat juma namozi va va’ziga kelishlari kerak", - dedi muftiy Alyautdinov.
Bundan tashqari, diniy yetakchilar musulmonlarni diniy boshqarmalar va Moskva hukumati tavsiyalariga quloq tutishga chaqirishgan. Shuningdek, dindorlar shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishlari va o‘z salomatliklari borasida qayg‘urishlari lozimligi eslatib o‘tilgan.
"Ular namoz uchun masjidga kelishlari shart emas. Agar inson betob bo‘lsa, uning juma va’ziga kelishi majburiy hisoblanmaydi, shu bois u uyida namoz o‘qishi mumkin", - deb xulosa qildi muftiy.
Moskva meri Sergey Sobanin 5 mart koronavirus infeksiyasi tarqalishi xavfi tufayli yuqori tayyorgarlik rejimini joriy etish bo‘yicha qarorni imzoladi. Hujjatda aytilishicha, koronavirus bo‘yicha vaziyat nomaqbul bo‘lgan davlatlardan kelgan fuqarolar, RFga kelgan kundan boshlab 14 kun davomida uy sharoitida o‘z-o‘zlarini izolyatsiyada saqlaganlari ma’qul. Shuningdek, 10-mart sanasidan Moskvada 5 mingdan ziyod kishi to‘planadigan ommaviy tadbirlarga taqiq qo‘yilgan. Ushbu taqiq vaqtinchalik hisoblanib, 10-aprel sanasigacha amal qiladi.