TOShKENT, 12 mar — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Tailandga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga murojaat qilib, Qirollik viza berish tartibini kuchaytirganini ma’lum qildi.
Mamlakatning Bangkok shahridagi bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Tailand Qirolligi Hukumati 18 ta davlat, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun mamlakat aeroportlarida kirish vizalarini (Visa on Arrival) rasmiylashtirish tartibini bekor qilgan. Bunga dunyo bo‘ylab COVID-19 koronavirusining tarqalishi sabab bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, Tailand tomoni mazkur mamlakatlarning fuqarolariga kirish vizalarini qirollikning xorijdagi diplomatik vakolatxonalaridan birida rasmiylashtirishni tavsiya qilmoqda. Ushbu jarayon noma’lum muddatga joriy qilinmoqda va koronavirus tarqalishi darajasining pasayganidan keyin qayta ko‘rib chiqiladi.
TIV Tailand, Kambodja va Laos hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda mamlakatning Bangkok shahridagi bosh konsulxonasiga +66-2-675-39-95 va +66-9-5502-6770 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.