TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Toshkent shahridagi bir qator ko‘chalarga O‘zbekiston ilm-fani, madaniyati va adabiyoti taraqqiyoti va rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yozuvchi, olim va artistlar nomlari berilishi mumkin. Madaniyat vazirligi tegishli qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Qonun loyihasi bilan 2020-yil davomida ma’rifatparvar alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145-yilligi, O‘zbekiston xalq artistlari Olim Xo‘jayev va Soyib Xo‘jayev tavalludlarining 110-yilligi, O‘zbekiston xalq yozuvchilari Said Ahmad, Asqad Muxtor hamda atoqli olimlar Sa’di Sirojiddinov va Ibrohim Hamroboyevlar tavalludining 100-yilligi, O‘zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov tavalludining 90-yilligi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev tavalludining 80-yilligi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Shavkat Rahmon, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam hamda O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim tavalludlarining 70-yillik yubileylari keng nishonlanadi.
Shu maqsadda mamlakatdagi ta’lim muassasalari, ijod maktablarida taniqli adib va san’atkorlar, olimlar ishtirokida mazkur tavallud sanalariga bag‘ishlangan uchrashuvlar, kitobxonlik kechalari va ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etiladi hamda o‘tkaziladi.
Vazirlik tavallud sanalari nishonlanadigan ijodkorlar va olimlarning yashagan xonadonlarga yodgorlik lavhalari o‘rnatish, Toshkent shahridagi ko‘chalarga ularning nomlarini berishni taklif qilmoqda.
Qonun loyihasi 25 sanasiga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.