TOSHKENT, 10 mar — Sputnik. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank hamda Moliya vazirligi rahbar va masʼul xodimlari ishtirokida jahon moliya va xom ashyo bozorlaridagi oxirgi oʻzgarishlarning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsirini oʻrganish boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qoʻchqorovning fikrlariga koʻra, neft narxining tushishi oqibatida gaz narxining pasayishi va ayrim mamlakatlar milliy valyutasining devalvatsiyasi Oʻzbekiston eksport tushumlariga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻz navbatida, neft va gaz narxi pasayishining ichki bozorga ijobiy taʼsiri ham oʻrganib chiqilishi aytilgan.
“Xalqaro tovar va moliya bozorlarida yuzaga kelgan vaziyatning soʻmning almashuv kursiga taʼsirini hozircha neytral deb baholaymiz”, - dedi vazir.
Taʼkidlanishicha, gaz narxi pasayishi sababli Davlat byudjeti daromadlarining yoʻqotishlari oltin narxining yuqori ekanligi hisobiga toʻliq qoplanadi. Umuman olganda, Davlat byudjeti barcha majburiyatlarini toʻliq taʼminlash imkoniga egadir.
Vazir Oʻzbekiston hukumati hamkor davlatlarning makroiqtisiodiy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha eʼlon qilgan rejalarini ijobiy baholashini bildirgan.
Shuningdek, xalqaro moliya va tovarlar bozorlarida yuzaga kelgan qaltis vaziyatning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsirining koʻlami birinchi navbatda ushbu tebranishlarning qanchalik uzoq muddat davom etishiga bogʻliqligi aytilgan.
Qoʻshimcha qilinishicha, joriy yilning 13 mart kuni Moskva shahrida MDH davlatlari iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Unda ushbu masalani tashqi savdo boʻyicha asosiy hamkor davlatlar vakillari bilan yana bir bor muhokama qilinadi.
Yuzaga kelgan vaziyatning Oʻzbekistondagi makroiqtisodiy barqarorlikka salbiy taʼsirini minimallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kirishilgan. Shu maqsadda uchta idora vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhi va tegishli idoralar jahon moliya va xom ashyo bozorlaridagi oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatib boradilar va ommaviy axborot vositalari orqali maʼlumot berib turadilar.
Eslatib oʻtamiz, 9 mart kuni dunyoda neft narxi tushib ketdi. Shuningdek, moliya bozorlarida fond birjalarining qulashi va rublning arzonlashishi kuzatildi.