TOShKENT, 9 mar - Sputnik. JSSTning vakillari ayni damda O‘zbekiston sanitariya-karantin punktlaridagi nazorat va profilaktik tadbirlarni tashkil qilish, davolash muassasalari xavfsizligini ta’minlash hamda laboratoriyalar salohiyatini mustahkamlash borasida o‘z texnik tavsiyalarini berishmoqda.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.
Xususan, JSSTning koronavirusga tayyorgarlik bo‘yicha yetakchi konsultanti Ute Enderleynning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish, epidemiologik nazoratni kuchaytirish borasidagi ishlar halqaro talablar asosida amalga oshirilmoqda.
Favqulodda holatlarga tayyorgarlik ko‘rish dasturi mas’ul xodimi Jetri Regmi favqulodda vaziyatlarda ko‘riladigan choralar bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda “COVID-19” infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi sanitariya-karantin punktlarida yetarli ehtiyot choralari ko‘rilgan bo‘lib, u yerda 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas’ullari faoliyat yuritishmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida esa 24 soat davomida uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus shtab tashkil qilingan.