TOShKENT, 8 mar — Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga ikkinchi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Unga bokschi Sanjar Tursunov ega chiqdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar qildi.
Iordaniyada boks bo‘yicha litsenzion turnir -91 kilogramm vazn toifasida Sanjar Tursunov chorak final jangini o‘tkazdi. Eronlik Tufan Sharifi bilan kechgan bahsda o‘zbek bokschisi to‘liq ustunlik qildi va yarim final yo‘llanmasiga ega chiqdi.
“Musobaqa reglamentiga ko‘ra -91 kilogramm vazn toifasida ushbu musobaqada Tokio-2020 uchun 4 ta kvota o‘ynalmoqda. Demak, yarim final final yo‘llanmasi surxondaryolik bokschimizga Olimpiadada qatnashish huquqini beradi”, - deyilgan xabarda.
Biroz avval O‘zbekistonlik bokschi Bobousmon Baturov birinchilardan bo‘lib Tokio-2020 yo‘llanmasiga ega chiqqani xabar qilingan edi.
Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyaning Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritgan yo‘llanmalari soni 16 taga yetdi. Bugun Olimpiada litsenziyalari uchun ringga yana 3 nafar bokschi ko‘tariladi.