TOSHKENT, 5 mar - Sputnik. Ekologiya sohasi – foyda keltiradigan emas, ammo juda muhim va doimiy ravishda moliyaviy sarmoyalarni talab qiladi. Odamlarning salomatligi, farovonligi, ularning ishlash qobiliyatlari va shu bilan birga umuman iqtisodiyotning rivojlanishi uning holatiga bogʻliq. Sputnik Oʻzbekiston respublikada qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish sohasidagi ishlar qanday boʻlishini oʻrgandi.
Axlat muammosini hal qilishda ikkita asosiy yondashuv mavjud - poligon va qayta ishlash. Bugungi kunda respublikada qattiq maishiy chiqindilar (QMCH) 221 poligonda "koʻmilmoqda", ular jami 1,6 ming gektar maydonni egallaydi. Hozirda bu joylarda 80 million tonnadan ortiq chiqindilar joylashtirilgan.
Aksariyat odamlar buni muammo sifatida koʻrmaydilar yoki axlat idishga tashlanganidan keyin nima boʻlishini oʻylamaydilar. Atrof-muhitga hech narsa xavf solmasligi uchun, poligonlar holatiga xalqaro standartlar bilan tartibga solinadigan muayyan talablar qoʻyilmoqda.
Poligonlar bu oddiy axlatxonalar emas
Oʻzbekistonda foydalaniladigan poligonlarning holati sanitariya-epidemiologiya va ekologik talablarga javob bermaydi. Ular ifloslantiruvchi moddalarning yer osti suvlariga qoʻshilib ketishiga imkon bermaydigan himoya qatlamiga ega emaslar. Bundan tashqari, ularda drenaj tizimi koʻzda tutilmagan va poligonlar uchun yer ajratishda shamolning yoʻnalishi hisobga olinmaydi.
"Qattiq chiqindi poliqonlari tashkil etilgan, qurilmagan va 1968 yildan beri mahalliy hokimiyat tomonidan "poligon" deb nomlangan yer uchastkalarida ishlamoqda. Bu yerda yer osti suvlarining ifloslanishini germetizatsiya qilish, hududni oʻrab olish va toʻldirilgan poligonlarni qayta tiklash boʻyicha ishlar olib borilmagan. Poligonlar shunchaki gorizont boʻylab kengayib ketaverdi", - deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Xabibulla Xusanov.
2017 yilda poligonlar Davlat ekologiya qoʻmitasi tasarrufiga topshirilganda, ular allaqachon 80-90% toʻlgan edi.

Yigʻilgan muammolarni hal qilish uchun 2019-2028 yillarga moʻljallangan kommunal qattiq chiqindilarni boshqarish Srategiyasi ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, "Chiqindilar toʻgʻrisida" yangi qonun loyihasi tayyorlandi. Atrof-muhit sohasi mutaxassislari va vakillari koʻplab muammolarni hal qilishlariga toʻgʻri keladi. Ular orasida QMCH hosil boʻlishining sekinlashtirish va xavfli xususiyatlarining pasaytirish, chiqindilardan olingan xom ashyo, energiya va materiallarning qayta ishlatilishi, shuningdek qayta ishlanmaydigan tarkibiy qismlarning utilizatsiya qilishlardir
Shuningdek, strategiyada mavjud poligonlarni optimallashtirish, shuningdek, zamonaviy 59 zamonaviy poligon qurish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, axlat tashish stantsiyalari quriladi.
"Mavjud poligonlarning optimallashtirishda poligonlarda chiqindilar xajmini kamaytirish hisobiga aholi punktlaridan uzoqligini hisobga olgan holda ularning sonini kamaytirishni nazarda tutiladi", - deya tushuntiradi Xusanov.
Poligonlar sonini kamaytirish va maydonlar sonini qisqartirish uchun qayta ishlash tarmogʻini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Agar 2019 yilda 7,1 million tonna QMChdan atigi 20 foizi qayta ishlashga oʻtkazilgan boʻlsa, kelajakda bu ulushni 60 foizga etkazish rejalashtirilgan.
Biroq, ijobiy dinamika ravshan - 2018 yilda maishiy chiqindilarning atigi 9% qayta ishlangan. Ixtisoslashgan korxonalar soni ham oshdi - 183 dan 219 gacha.
Optimallashtirish natijasida saqlanib qolgan poligonlar qayta quriladi va yangilari esa zamonaviy talablarga javob beradigan tarzda quriladi. Xususan, keyinchalik qayta ishlash maqsadida alohida tarkibiy qismlar va biomassalarni ajratib turadigan liniyalar paydo boʻladi.
Axlat emas, balki xom ashyo
Yiliga qariyb 1,3 million tonna axlat qabul qilgan xususiy korxonalar asosida QMChdan qimmatbaho tarkibiy qismlarni qayta ishlash boʻyicha respublikada samarali tizim yaratilgan.

"Ular oʻz-oʻziga xizmat qilishda ushbu koʻrsatkichga erishdilar, yaʼni davlat tomonidan biron-bir imtiyoz berilmadi", - deb taʼkidladi Xabibulla Xusanov.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, qattiq chiqindilarni saralash va mavjud qayta ishlash korxonalariga yetkazib berish uchun oʻrnatilgan tizim davlat koʻmagi yordamida nafaqat qayta ishlash ulushini oshiradi, balki poligonlarning toʻldirilishini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin, bu esa mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilashga olib keladi.

Dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarga koʻra, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun taxminan 1 milliard dollar mablagʻ kerak boʻladi. Loyihani xalqaro moliya institutlarining kreditlari va grantlari, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida xorijiy investorlarni jalb qilgan holda moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.
Shunda, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mamlakatning ikki viloyatidagi chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun 180 million yevro miqdorida kredit berishga tayyor. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 8 ta zamonaviy poligon yaratish bilan 33 ta poligonni qayta tiklash, 13 ta chiqindilarni qabul qilish stantsiyalarini tashkil qilish, 8 ta chiqindi saralash uskuna va 8 ta bio-oʻgʻitlar chiqarish uchun organik chiqindilarni yigʻish joylari qurish rejalashtirilgan.
"Axlat" axloqi
Maishiy axlat muammosini hal qilish nafaqat davlatga, balki fuqarolarning oʻziga ham bogʻliq. Aholi tomonidan maishiy chiqindilarni mustaqil saralash QMChlarni qayta ishlash jarayonini sezilarli darajada soddalashtiradi va arzonlashtiradi. Oʻzbekistonda maishiy chiqindilarni aholi oʻrtasida saralashga urinishlar boʻlgan, ammo har xil sabablarga koʻra foyda bermadi.
"2019 yil dekabr oyida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida BMTTD ishtirokida vatandoshlarimizning toʻgʻridan-toʻgʻri uylarida axlatni saralash boʻyicha birinchi pilot loyiha boshlandi. Dastlabki bosqichda u Sirojiddinov koʻchasi boʻylab ("Bratskiye mogilы" hududida) xususiy uylarda xususiy sektorda amalga oshiriladi. Mahallaga har biri 120 litr hajmdagi 630 ta plastik idishlar topshirildi, - deydi Xabibulla Xusanov.

Chiqindilarni olib ketishda har bir chiqindi turi uchun alohida maxsus mashina boʻladi. Bundan tashqari, butun shahar boʻylab koʻp qavatli binolar yaqinidagi axlat yigʻish joylarida polimer chiqindilari va qogʻozlarni alohida yigʻish uchun idishlar, shuningdek, ishlatilgan batareyalar va termometr uchun 700 dan ortiq maxsus idishlar mavjud.
Shu bilan bir vaqtning oʻzida, yana bir loyiha - "hashar week" (hashar haftaligi) boshlandi, unga bir qator dasturlar kiritilgan: "yashil ofis", "yashil uy" va "Z avlodi". Ushbu fuqarolik tashabbusi aholi orasida ham, biznes hamjamiyatida ham chiqindilarni alohida yigʻishni ommalashtirishga qaratilgan.

Bundan tashqari, qayta ishlash homashyo uchun statsionar yigʻish punktlarini yaratish ishlab chiqilmoqda, bu yerda qoʻshimcha ravishda kitob almashish yoki bepul Wi-Fi tarmogʻidan foydalanish mumkin.
Iqtisodiyot va ekologiya
Atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyatini boshqarish va ekologik vaziyatni yaxshilash uchun iqtisodiy usullarga mohirona oʻtish talab etiladi. Buning uchun "Tabiatni muhofaza qilishni taʼminlashning iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" maxsus meʼyoriy hujjati tayyorlandi. Normativ hujjat ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga muayyan tovarlardan, shu jumladan qadoqlashdan keyin hosil boʻlgan chiqindilarni toʻplash, yoʻq qilish, qayta ishlash va (yoki) zararsizlantirishni taʼminlash majburiyatini qoʻyadi. Buning uchun ular tegishli infratuzilmaga ega boʻlishi kerak. Shuningdek, loyiha ishlab chiqarilayotgan va import qilinadigan atrof-muhit uchun zararli boʻlgan tovarlarga (shu jumladan qadoqlashni) ekologik soliqni joriy etishni koʻzda tutadi.
Oʻzbekiston hukumatiga yoʻllagan murojaatida Oʻzbekiston Prezidenti atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlarini kuchaytirish va 2020–2025 yillarga moʻljallangan ekologik dasturni ishlab chiqish topshirigʻini berdi. Shuningdek respublikaning ekologik kodeksi loyihasini yaratish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Hozircha Oʻzbekistonda axlat sektori xorijiy sarmoyadorlar uchun yoqimsiz boʻlib qolmoqda. Bu saralash va qayta ishlanadigan qimmatbaho tarkibiy qismlar ulushining pastligi, shuningdek, poligonlarda joylashgan QMChlar tarkibi bilan bogʻliq. Kam chiqindili va chiqindisiz texnologiyalardan foydalanishni ragʻbatlantirish, shuningdek ekologik standartlar va normativlarni joriy etish, "yashil tariflar" va boshqa ragʻbatlantiruvchi iqtisodiy vositalarni qoʻllash boʻyicha alohida ishlar olib borilishi kerak.
Shu bilan birga, chiqindilarni boshqarish sohasida "ifloslantiruvchi toʻlaydi" tamoyili boʻyicha davlat nazoratini kuchaytirish, shuningdek aholining ekologik madaniyatini oshirish talab etiladi.