TOShKENT, 5 mar - Sputnik. Turkiya prezidenti Toyyib Erdog‘an TIV rahbari Mevlyut Chavushoglu, mudofaa vaziri Xulusi Akar, moliya vaziri Berat Albayrak, hamda milliy razvedka tashkiloti rahbari Xakan Fidanlardan iborat delegatsiya bilanMoskvaga yetib keldi deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Bugun Moskvada Vladimir Putin va Toyyib Erdog‘anning Suriyaning Idlib viloyatida tinchlik o‘rnatishga qaratilgan muzokaralari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, 27-fevral kuni "Xayat Taxrir ash-Sham" terrorchilar guruhi Suriya qo‘shinlariga yirik masshtabli hujum boshlagan edi. Suriya armiyasi bunga javoban jangarilar joylashgan hududlarni o‘qqa tutgan.
Rossiya Mudofaa vazo‘irligi xabariga ko‘ra, ushbu otishmada 36 nafar turkiyalik harbiylar qurbon bo‘lgan. Aslida Turkiya askarlari jangarilar joylashgan hududda bo‘lmasligi kerak edi. Shundan so‘ng Turkiya dronlar to‘dasidan foydalanib Suriya armiyasining bir necha nishonlarini yo‘q qilgan. Rossiya harbiylari ushbu to‘qnashuvlarda ishtirok etmagan.
Rossiya TIV bayonotiga ko‘ra, Turkiya Sochida kelishilgan Suriya bo‘yicha tinchlik shartnomasining bir necha bo‘limlarini bajara olmagan. Xususan, Idlib hududidagi qurollangan muxolifat guruhlarini terrorchilardan ajratib olmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda Ostona shahrida Rossiya, Eron, Turkiya va Suriya orasida erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, Suriya hududi 4ga bo‘lingan edi. 2018-yil davomida ulardan 3tasi Damashq nazorati ostiga o‘tdi. Idlib viloyatida joylashgan 4- hudud esa haligacha terrorchilar qo‘l ostida qolmoqda. 2018-yilning sentabr oyida Rossiya va Turkiya Idlibda demilitarizatsiya qilingan hudud tashkil qilishga kelishib olishgan edi.