TOSHKENT, 3 mar — Sputnik. OʻzbekistonTashqi ishlar vazirligi mamlakatning Koreyadagi elchixonasi oʻz veb-saytida 2020 yil mart oyida Seuldan Toshkentga uchadigan aviareyslar jadvalini eʼlon qilganini maʼlum qildi.
Quyidagi parvozlar amalga oshiriladi:
2020 yil 8 mart kuni – “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi;
2020 yil 15 mart kuni – Koreya Respublikasi aviakompaniyasi;
2020 yil 22 mart kuni – “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi;
2020 yil 29 mart kuni – Koreya Respublikasi aviakompaniyasi.
Toshkentga qaytgach yoʻlovchilar poytaxtdan tashqaridagi maxsus tayyorlangan joyda 14 kun davomida karantinda boʻlishlari, tegishli tekshiruvdan oʻtganidan keyin yashash joyiga qaytish uchun ruxsat berilishi eslatib oʻtilgan.
Aviachiptalar xarid qilish masalalari boʻyicha +82 2 754-1041 (KORUZBEK AGENCY) telefon raqamiga murojaat qilish mumkin.
“Elchixona Oʻzbekiston fuqarolariga sarosimaga tushmasdan, vatanga qaytishning maqsadga muvofiqligini yana bir bor jiddiy oʻylab koʻrishni tavsiya qiladi. Chunki Koreya Respublikasi Hukumati tibbiyot sohasida ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni koʻrmoqda va kasallik aniqlangan taqdirda chet el fuqarolariga bepul malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishini kafolatlaydi”, - deyilgan xabarda.
Taʼkidlanishicha, Janubiy Koreya rasmiy idoralarining virus tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha talablariga qatʼiy amal qilish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, ijtimoiy tadbirlarda qatnashmaslik, gavjum joylarga tashrif buyurmaslik va barcha ehtiyot choralarini koʻrish zarur.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston 1 martdan Janubiy Koreya, Yaponiya va Italiya, Eron va Afgʻonistonga boʻlgan qatnovlarni vaqtincha toʻxtatgan edi.