TOShKENT, 2 mar — Sputnik. Shu kunlarda Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga vataniga qaytishga shoshilmaslik tavsiya etildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi ma’lum qildi.
Koreya hukumati koronavirus tarqalishi oldini olish bo‘yicha yuqori tibbiy texnologiyalardan foydalanib, chet el fuqarolarini malakali va bepul davolamoqda. Shu bois O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi vakillari o‘zbekistonliklarga vatanga qaytish fikridan to‘xtab turishni tavsiya etmoqda.
Shuningdek, fuqarolarga o‘z sog‘liqlarini asrash va virusni tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha Koreya hukumatining talablariga rioya qilish tavsiya etiladi, deyilgan xabarda.
Bundan tashqari, joriy yilning 1-mart kunidan O‘zbekiston va Koreya aviaqatnovlarining soni qisqartirilmoqda. Parvozlar har haftada bir marotaba, galma-galdan amalga oshiriladi.
Masalan, 8-mart kuni – “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi, 15-mart kuni – Koreya Respublikasi aviakompaniyalari, 22-mart kuni – “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi, 29-mart kuni – Koreya Respublikasi aviakompaniyalari qatnovlari paritet asosida amalga oshiriladi.
Toshkentga uchib kelgan haydovchilar shahar tashqarisidagi maxsus karantinlangan muhitda 14 kun davomida saqlanadi. Kuzatuv davomida virus alomatlari kuzatilmasa, yo‘lovchilarga uyga qaytishiga ruxsat beriladi.