TOShKENT, 27 fev — Sputnik. 27-fevral kuni Seuldan kelgan HY514 reysi yo‘lovchilari Toshkent aeroporti xalqaro terminalining alohida zalida vaqtincha sanitariya izolyatsiyasiga joylashtirildi. Bu haqda Uzbekistan Airways xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu chora koronovirusning O‘zbekistonda tarqalishini oldini olish maqsadida ko‘rilgan.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir qator zarur profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, SARS belgilari yo‘qligi tasdiqlangandan so‘ng yo‘lovchilarga karantin xonasidan chiqishlariga ruxsat beriladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Xitoy hukumati 2019-yil oxirida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga mamlakatning markaziy qismida (Xubey provinsiyasi) Uxan shahrida kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya kasalligi haqida xabar bergan. Mutaxassislar kasallikning qo‘zg‘atuvchisini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi - bu yangi koronavirus. JSST epidemiyani xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb tan oldi va ushbu kasallikka rasmiy nom berdi - COVID-2019.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyada koronavirus yuqtirganlar soni 1500 kishidan oshib ketgan, shulardan 11 nafari vafot etgan.