TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida soxta so‘m pul tayyorlagan firibgarlar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi ma’lum qilmoqda.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar jinoyat ustida qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha soxta 50 ming so‘mlik kupuralar bir guruh fuqarolar tomonidan til biriktirib, kompyuter va rangli printerdan foydalangan holda tayyorlangan.
Shuningdek, tekshiruv davomida aniqlangan, 50 000 so‘mlik qalbaki kupuralardan iborat jami 5 mln so‘m hamda boshqa jihozlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Ayni damda mazkur holat yuzasidan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 176-moddasiga ko‘ra, qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasagan va ularni o‘tkazgan kishilarga nisbatan 2-yildan 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Agar ushbu jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa 5-yildan 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.