TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 98-maktab direktori N.Z. 800 dollar pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, maktab direktori fuqaroga o‘rta-maxsus maqomini beruvchi qalbaki diplom tayyorlab berish va shu qalbaki diplom bilan o‘zi rahbarlik qilayotgan maktabga ishga qabul qilishni va’da qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda direktor 800 dollarni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Aniqlik kiritilishicha, u diplom uchun 300 dollar va ishga joylashtirish uchun 500 dollar talab qilgan.
Hozirda unga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan (Tamagirlik yo‘li bilan pora olish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.