TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Buxoroda “O‘zbekneftgaz” AJ Gazli neft gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Kalta-kir” gaz konidagi shu kungacha yaroqsiz bo‘lgan 8-sonli gaz qudug‘i qayta ta’mirlanib, ishga tushirildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Quduqda suv yo‘llarini yopish ishlari bajarilib, 1084-1081 metr intervallar oralig‘ida perforatsiya ishlari o‘tkazilgan. Natijada quduqni sanoat miqyosida kunlik 70 ming kub metr gaz qazib olinmoqda.
Ma’lumot uchun, "Kalta-kir" gaz koni Buxoro viloyatining Jondor tumanida joylashgan bo‘lib, 2006-yilda ishlatishga tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” biroz oldin yerni yorish uslubida foydalanish to‘xtatilgan quduqlardan neft olishni boshlagani haqida xabar qilgan edi.