TOSHKENT, 23 fev — Sputnik. Ukraina Oʻzbekiston bilan muntazam qatnovlarnini tiklashdan manfaatdor.
Bu haqda Ukraina infratuzilma vaziri oʻrinbosari Oleg Yushenko Oʻzbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri birinchi oʻrinbosari Abdualiyev Alisher bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
Yushenkoning taʼkidlashicha, Ukrainaning aviatsiya trasport sohasida siyosati hamkor davlatlar, jumladan, Oʻzbekiston bilan yoʻlovchi tashish bozorini erkinlashtirishga qaratilgan.
“Ukraina va Oʻzbekiston oʻrtasida havo aloqasi va havo transporti sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi amaldagi bitim doirasida Ukraina har bir tomon uchun haftasiga yetti marta Ukraina va Oʻzbekiston oʻrtasida muntazam qatnovlarni imkon qadar tezroq tiklashdan manfaatdor”, - dedi ukrainalik amaldor.
Abdualiyev, oʻz navbatida, Oʻzbekiston va Ukraina oʻrtasida tranport infratuzilmasi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, u ikki mamlakat oʻrtasidagi havo aloqalarining tezroq tiklanishiga umid bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, Toshkentdan Kiyevga qatnovlar 2015 yilda ikki mamlakat aviatsiya sohasi maʼmurlari oʻrtasida kelishuvlar mavjud boʻlmaganligi tufayli toʻxtatib qoʻyilgan edi.
2019 yil oktyabrida qatnovlar qayta tiklanishi kerak edi, ammo Ukraina tarafi soʻnggi lahzada oʻz qarorini bekor qilganligi haqida ariza yoʻllagan edi.