TOSHKENT, 20 fev - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi.
Tadbirda Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), «Gebze» uyushgan sanoat zonasi, "Ziraat" banki, "Zorlu xolding", "Joshkunoz xolding", "Ekzachibashi", "Baykar", "Dunyagoz", "Kanimed saglik", "Bau global", "Xavelsan" kabi qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Mirziyoyev Turkiya prezidenti bilan oʻtgan muzokaralarda biznes aloqalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga kelishib olinganini taʼkidladi.
"Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emas. Bugun mamlakatimizga kirgan kompaniya albatta manfaat topadi. Men bunga kafolat beraman. Buning uchun zarur huquqiy, institutsional sharoitlar yaratib beriladi", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda, shuningdek, kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng koʻlamda amalga oshirish, savdo, innovatsiya, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
Turkiyalik ishbilarmonlar oʻtgan yili Oʻzbekistonga borgani, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida oʻzgarishlarga, odamlarda «islohotlar tafakkuri»ga guvoh boʻlganini taʼkidladi. Oʻzbekiston bozoriga kirish, hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi.
Shu bilan bir qatorda "Ronesans Holding" bilan "Oʻzbekiston metallurgiya kombinati" aktsiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga 630 million yevro, Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kiritish, shuningdek, shifoxonalar va savdo markazlarini qurish boʻyicha umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.
Bugungi uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Turkiyaning vazirlik va kompaniyalari oʻrtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, oʻzaro mahsulot yetkazib berish va xizmat koʻrsatishni kengaytirish, klinikalar va oliy oʻquv yurtlari tashkil etish boʻyicha aniq loyihalar muhokama qilindi. Mirziyoyev bu rejalarni maʼqullab, mutasaddilarga tez fursatlarda amaliy ishlarga oʻtish, byurokratik toʻsiqlarsiz ularni hayotga tatbiq etish boʻyicha topshiriqlar berdi.