TOShKENT, 18 fev - Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bosh direktori Tedros Adhan Gebreyesus yangi turdagi koronavirus bilan kasallanganlarning 80 foizdan ortig‘i tuzalib keta olishlarini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, keksa odamlar xavf ostida qolishadi, yosh bolalar deyarli COVID-19 bilan kasallanishmaydi.
“Yangi koronavirus atipik pnevmoniya va Yaqin Sharqdagi respirator sindromi kabi xavfli emas. COVID-19ning yengil shakliga chalingan bemorlarning 80 foizdan ortig‘i tuzalib ketadi. Taxminan 14 foiz hollarda virus jiddiy kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi, jumladan, pnevmoniya va nafas qisilishiga. Bemorlarning 5 foizda esa nafas olish yo‘llarining yetishmovchiligi, septik shok va tana a’zolar yetishmovchiligi kabi kasallikning kritik shakllari kuzatilmoqda” - dedi JSST bosh direktori.
Gebreyesusning ta’kidlashicha, hozirgi vaqtda Xitoy tashqarisida yangi turdagi koronavirus bilan kasallanganlar soni 694 kishini tashkil etadi, uch kishi vafot etgan.
Bungacha JSST Xitoydan tashqarida 25 ta mamlakatda 683 ta COVID-2019 kasalligi aniqlangani, ulardan uchtasi vafot etgani haqida xabar qilgan edi.
“Jeneva vaqti bilan soat 6:00 ga ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda COVID-2019 infeksiyasining 70 635 holati qayd etilgan, ulardan 1772 nafari vafot etgan. So‘nggi 24 soat ichida Xitoy 2051 klinik va laborator usulda yangi infeksiya holatlarini tasdiqladi. Xitoy tashqarisida, JSST 25 mamlakatda 694 ta COVID-2019 kasalligi va uch kishining o‘lganligi to‘g‘risida xabar oldi", - dedi dushanba, 17 fevarl kuni JSST bosh direktori.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoydan olingan yangi ma’lumotlarga asosan, epidemiya qaysi yo‘nalishda rivojlanishi aniqroq bo‘ladi.
“Ma’lumotlar, shuningdek, COVID-2019ning yangi holatlari kamayishi haqida gapirmoqda. Ammo bu tendensiyani juda ehtiyotkorlik bilan izohlash kerak, u o‘zgarishi mumkin. Bu pasayish davom etadi deb aytish hali erta. Hozircha barcha ssenariylar ko‘rib chiqilmoqda", - deya ta’kidladi Gebreyesus.
Xitoy hukumati 2019-yil oxirida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga mamlakatning markaziy qismida (Xubey provinsiyasi) Uxan shahrida kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya kasalligi haqida xabar bergan. Mutaxassislar kasallikning qo‘zg‘atuvchisini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi - bu yangi koronavirus. JSST epidemiyani xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb tan oldi va ushbu kasallikka rasmiy nom berdi - COVID-2019.
Soat 12.00 holatiga (Toshkent vaqti) coronavirus-monitor.ru saytiga bergan ma’lumotga ko‘ra, yuqtirganlar soni 73,336, o‘lim holatlari 1874, tuzalganlar soni esa 12837 kishini tashkil qilmoqda.