TOShKENT, 15 fev – Sputnik. Dunyoni qoramol o‘latidan qutqarishga bag‘ishlangan veterinariya bo‘yicha onlayn musobaqada O‘zbekiston jamoasi g‘olib chiqdi, deb xabar qilmoqda Veterinariya qo‘mitasining axborot xizmati.
Musobaqa qoidasiga ko‘ra, g‘olib mamlakat – dunyoni qoramollarning o‘lat kasalligidan qutqargan mamlakat hisoblanadi, deyilgan xabarda.
2019 yilda Butunjahon veterinariya tashkiloti tomonidan OIE Rinderpest Challenge e’lon qilinib, unda dunyoning 121 davlati veterinariya mutaxassislari va talabalari g‘oliblik uchun kurashishgan.
To‘rt hafta davom etgan Chellendj kurashida Natijada O‘zbekiston 4,1 mln. ball to‘plab, yangi rekord natijani qayd etgan holda, boshqa malakatlarga imkoniyat qoldirmay, mutloq g‘oliblikni qo‘lga qiritgan. Kuchli o‘nlikda 7 nafar O‘zbekistonlik ishtirok etgan. Shu jumladan, Qo‘mitaning Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Veterinariya profilaktikasi va davolash fakulteti 4-bosqich talabasi Nurmuxammad Narziyev shaxsiy natijalar bo‘yicha sharafli birinchi o‘rinni egallagan.
Shahsiy natijalar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘olib ishtirokchi joriy yil may oyida Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon veterinariya tashkiloti xalqaro assambleyasining 88-Bosh sessiyasiga fahrli mehmon sifatida rasman taklif etiladi.