TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi Qo‘qonda Xitoydan qaytgan 20 yoshli talaba o‘limi yuzasidan bayonot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yil 5-fevral kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Hayotobod qishlog‘ida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan A.M. o‘zi istiqomat qiladigan uy hammomiga yuvinish uchun kirgan. Bir necha soat davomida qaytib chiqmagach, uning yaqinlari hammom eshigini buzib kirishgan. Yigit hammomda jonsiz holatda yotgan bo‘lgan.
Yigit hammomdayoq hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa-da, yaqinlari uni Qo‘qon shahar shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borgan. Qabul diagnostika bo‘limida reanimatologlar tomonidan jasad zudlik bilan ko‘rilib, biologik o‘lim allaqachon sodir bo‘lganligi tasdiqlangan.
Bu haqda darhol huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xabar berilib, jasad tekshirish uchun Qo‘qon shahar sud tibbiy ekspertizasiga yuborilgan.
“Dastlabki sud tibbiy ekspertiza xulosalariga ko‘ra, M. A.ning o‘limi is gazidan zaharlanish oqibati bo‘lib, ayni paytda Xitoyda tarqalgan koronavirus xastaligi bilan hech qanday bog‘liqlik alomatlari aniqlanmadi”, - deyilgan xabarda.
Talaba M.A. til o‘rganish maqsadida 2019-yil 15-noyabrda Xitoyga borib, joriy yil 31-yanvar kuni Janubiy Koreya orqali O‘zbekistonga qaytgan.
U mamlakatga qaytgach, O‘zbekiston tumanida joylashgan 71-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ikki haftalik nazorat davomida unda hech qanday kasallik alomatlari aniqlanmagan.