TOShKENT, 11 fev — Sputnik. O‘zbekistonda 2020-yil 1-sentabrga qadar kiberxavfsizlikning huquqiy asoslarini shakllantirish bo‘yicha choralar ko‘rishni rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning 2020-yildagi Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni loyihasida ko‘zda tutilgan. Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Shu jumladan 2020–2023 yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlikka doir milliy strategiya va “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
Bu milliy virtual makonda jinoyatchilikka qarshi kurashishni tartibga solish, kiber hujumlardan muhim infratuzilmani himoya qilishning yagona kiberxavfsizlik tizimi va huquqiy asoslarini yaratish, mamlakatda kiberxavfsizlik choralarini mustahkamlashni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, Moskvada bo‘lib o‘tgan “Ochiq innovatsiyalar” xalqaro forumda so‘zga chiqqan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘tgan yilda mamlakatda 8 millionga yaqin kiberhujumlar qayd etilganini ma’lum qilgan edi.