TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Odamlarga mashina olib berishni va’da qilib, boshlang‘ich to‘lovni qo‘lga kiritgan "Avto rental" ma’suliyati cheklangan jamiyat rahbariyati qo‘lga olindi, deb xabar qilmoqda Tergov departamenti.
MChJ rahbariyati 695 nafar odamdan 40 oy ichida, qo‘shimcha to‘lovlarsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan mashina olib berishni va’da berib, har bir kishidan 4 – 12 milliondan boshlang‘ich to‘lovlarini yig‘ib olgan. Jami to‘plangan mablag‘lar 2,8 milliard so‘m bo‘lgan, deyilgan xabarda.
Jamiyat a’zolari 3 oydan 7 oygacha bo‘lgan muddatda transport vositasi yetkazib berishni va’da berishgan bo‘lsada, shartnoma imzolangan fuqarolardan birortasiga avtomobil yetkazib berilmagan. Korxona rahbariyati oldamlarga hech qanday avtomobil sotib olib berishni rejalashtirmagan.
Aksincha, tashkilot hisob raqamida 1,9 milliard, naqd ko‘rinishda to‘plangan mablag‘lar MChJ ta’sischilarining boshqa bizneslarini rivojlantirish maqsadida foydalanilgan. Naqd pul ko‘rinishida qabul qilingan to‘lovlar esa shaxsiy maqsadlarda foydalanilgan.
MChJ rahbarlaridan 3 kishiga ayblov e’lon qilingan. Ulardan ikki nafari – Saidaxmad Ishonxo‘jayev va Qubayev Hayotulla hibsga olingan, O‘lmas Ishonxo‘jayev ismli ta’sischi hozircha qidiruvda.
Shuningdek, Tergov qo‘mitasi hibsga olish vaqtida MChJ hisob raqamidan 390 mln so‘m qoldiq pul va ta’sischiga tegishli bo‘lgan, qiymati 450 million so‘mlik Mersedes Bens avtomobili musodara qilingan.
Prokuratura xabariga ko‘ra, avtomobil uchun oldindan to‘lov kiritgan fuqarolar sud qarori e’lon qilinganidan so‘ng, belgilangan taribda mablag‘larini qaytarish uchun ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.