TOShKENT, 6 fev — Sputnik. Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanidagi yirik korxona rahbari M.T. o‘g‘irlagan gazi uchun davlatga 309 mln. so‘m to‘ladi. Bu haqda Majburiy ijro burosining Farg‘ona viloyati boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, unga tegishli ko‘chmas mulklarda o‘tkazilgan o‘rganishda tadbirkor to‘yxona, mexmonxona, oshxona, sauna, bouling klubi va nonvoyxonalarini gaz hisoblagichdan tashqari vizual aniqlab bo‘lmaydigan yashirin holatdagi baypas liniyasi orqali gaz so‘rg‘ich bilan gaz tarmog‘iga noqonuniy ulab, foydalanayotganligi fosh qilingan.
Mutaxassislar tadbirkor davlatga 309 mln. 93,8 ming so‘m ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilganligini aniqlashgan va bu belgilangan tartibda undirib olingan.