TOShKENT, 6 fev – Sputnik. Koronavirus kirib kelishi masalasida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan bosh vrachga chora ko‘rildi, deb xabar qildi Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, Nishon tumani Tallimarjon hududidagi SKP bir marotabalik ishlatiladigan niqob va bir marotabalik himoya kiyimi bilan to‘liq ta’minlanganligi va xodimlar ishlarini nazorat qilmaganligi hamda koronavirus kasalligiga qarshi epidemiologik chora-tadbirlarni yetarli darajada tashkillashtirmaganligi sababli Nishon tuman SEO markazi bosh vrachi Alisher Normo‘minov intizomiy chora, vazifasini yaxshi o‘zlashtirmagan SKP xodimi Akrom Sayitovning mehnat shartnomasi bekor qilindi, deb ma’lumot berdi Qashqadaryo viloyati Sanitariya va epidemilogik osoyishtalik markazi.
Ma’lumotda keltirilishicha, 4-fevral kuni viloyat SEO markazi bosh vrachi S.Murodov, epidemiolog R.Muzaffarov, Nishon tuman SEO bosh vrachi va viloyat favqulodda vaziyatlar xodimlari Tallimarjon hududidagi(Turkmaniston bilan chegaradosh) SKPga borib o‘rganish ishlari olib borilgan.
Aniqlanishicha, hozirgi paytda Turkmaniston tomonidan hududiga o‘tish va chiqish taqiqlangan. 2020-yilning yanvar oyida 1000 ta fuqaro shundan 935 nafari xorijiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lib, SKPni o‘rganish kuni ya’ni 4-fevral kuni 5 nafar fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, isitmalagan bemorlar aniqlanmagan. 1-fevraldan 4-fevralga qadar SKP orqali 58 nafar o‘tgan fuqarolarning barchasi Turkmaniston fuqarolaridir. SKPda bugungi kunda 4 ta pirometr – masofaviy (distansion) termometr, 65 ta tibbiyot (simobli) termometr, 50 ta ko‘p marotabalik niqob, 4 ta bir marotabalik himoya kiyimi, 5 ta o‘latga qarshi himoya kiyimi bilan ta’minlangan. Teplovizor – masofaviy turg‘un harorat o‘lchovchi uskuna yo‘q.