TOShKENT, 6 fev — Sputnik. Boku shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov turkiyalik hamkasbi Mevlut Chavushog‘lu bilan uchrashdi.
TIV xabariga ko‘ra, uchrashuvda dolzarb O‘zbekiston-Turkiya kun tartibidagi masalalar va joriy yilda qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlikning borishi yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanishicha, ko‘p tomonlama shakllardagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan Turkiy kengash doirasida muloqotni kengaytirishga o‘zaro qiziqish tasdiqlandi.
Uchrashuvda vazirlar xalqaro va mintaqaviy muammolarni ham muhokama qildilar.
Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Kamilov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun Boku shahriga tashrif buyurgan.