TOShKENT, 30 yanv - Sputnik. Davlat soliq qo‘mitasi bozorlar hamda ularga tutash hududlarda noqonuniy savdoni tartibga solishga oid Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini Hukumat muhokamasiga kiritishni maqsadga muvofiq emas, deb topdi.
Eslatib o‘tamiz, loyihada tovar va mahsulotlarni (xizmatlar) yer osti yo‘llarida, bozorga kirish va chiqish yo‘laklarida hamda avtomobil yo‘llarida cotishni taqiqlash taklif etilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, muhokama davomida ushbu loyihaga jamoatchilik tomonidan ko‘plab asosli e’tirozlar bildirilgan. Takliflardan birida xalqaro tajribadan kelib chiqib, yer-osti yo‘llarida avtomatlashtirilgan savdo faoliyatini yo‘lga qo‘yish aholi uchun qulay bo‘lishi mumkinligi aytildi.
Bundan tashqari, ko‘pchilik tomonidan ushbu qarorda belgilangan tartiblarni joriy etishning salbiy, ijtimoiy oqibatlari haqida fikrlar ilgari surildi.
"Shu bois, befarq bo‘lmagan ko‘p sonli fuqarolarning talab va istaklarini inobatga olgan holda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan qaror loyihasini Hukumat muhokamasiga kiritishni maqsadga muvofiq emas, deb topildi.
O‘z navbatida, bildirilgan e’tiroz va takliflardan kelib chiqib, mavjud muammolar bo‘yicha mamlakat miqyosida chuqur tahlillar o‘tkaziladi hamda bozorlar infrastrukturasining aholi talab va ehtiyojlariga mosligini ta’minlash borasida yangi takliflar tayyorlanadi.