TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda namunali va ilg‘or yoshlar haqida kitob chop etish va uni maktab dasturiga kiritish taklif qilindi. Ushbu taklif O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonovning sohada xizmat olib borayotgan yosh xodimlar bilan uchrashuvida bildirildi.
Uchrashuvda ishtirok etgan yosh IIV xodimlari hozirda namunaviy yosh xodimlarning faoliyatini yoritib beradigan kitob yo‘qligini aytib, respublika darajasida namunaviy va ilg‘or yoshlar faoliyati to‘g‘risida kitob chop etish va uni maktab ta’limi dasturiga kiritishni taklif qilishdi.
Chop etiladigan kitobni yanada mashhurroq qilish maqsadida unda har yili o‘zining fidoyikorligi bilan ajralgan eng ilg‘or va namunali ichki ishlarda faoliyat yoritayotgan yoshlarning TOP-100 ro‘yxatini tuzish qo‘shimcha ravishda taklif qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston ichki ishlar vazirining ro‘yxatga kiritilgan 100 nafar eng ilg‘or yoshlar bilan uchrashuvi tashkillashtirilsa, bu yoshlarga yanada kuch bag‘ishlashi ta’kidlandi.
Po‘lat Bobojonov mutasaddilarga bildirilgan takliflar ustida ishlash va har yili shunday kitobni chop etish masalasini ko‘rib chiqishni topshirdi.
Tadbir so‘ngida jami 48 nafar yosh xodimlarning ota-onalariga minnatdorlik e’lon qilinib, 33 nafar xodim rag‘batlantirildi.