TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Farg‘ona shahrida ona-bola tibbiyot xodimlariga tajovuz qildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, 28-yanvar kuni kuni Farg‘ona shahridagi 2-oilaviy poliklinikadagi ultratovush tekshiruvi (UTT) o‘tkaziladigan xonada yuz bergan.
Qayd etilishicha, tekshiruvga kelgan qiz navbatini ikkita bolali ayolga berishni istamagan. Shifokor qizga navbatini bolasi yig‘layotgan va 3 yoshli bolasi sovuqda qolgan ayolga bersa, savob ish qilgan bo‘lishi mumkinligini tushuntirib nasihat qilgan. Qiz esa bunga e’tibor qilmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, shifokor qizni puxta tekshiruvdan o‘tkazib, belgilangan tartibda tashxisni yozib bergan. Qiz esa eshitgan nasihatdan asabiylashib, xonadan chiqib ketadi. Ko‘p o‘tmay xonaga yoshi katta bir ayol bilan kirib keladi. Ayol uning onasi bo‘lib, birgalikda tibbiy ko‘rikdan o‘tgani kelishgan ekan.
Ayol UTT xonasiga kiriboq, “Nega qizimni haqorat qilasanlar?” deb baqira boshlaydi. Tibbiyot xodimlari vaziyatni harchand tushuntirishsa ham, ayol ularni eshitmay UTT shifokoriga elektr choynakni otib yuboradi.
Shunda hamshira ayolni tinchlantirmoqchi bo‘lib, uning yoniga kelganida jazavaga tushgan ona va bola hamshiraga ochiqchasiga tajovuz qilib, qo‘li bilan urib, oyoqlari bilan tepib, tan jarohati yetkazadi.
Natijada ona va bolani tashqariga bazo‘r olib chiqib ketiladi va voqea haqida profilaktika inspektoriga xabar beriladi.
Tez yordam mashinasi kelib, yuzi qonga belanib, hushidan ketgan hamshirani o‘ziga keltirib, og‘ir holatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib ketishadi.
Hamshiraga yopiq kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagi sinishi, burundan qon ketish tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga statsionar davolanish uchun yotqizildi. Hozirda malakali shifokorlar tomonidan bemorga zarur davo muolajalari amalga oshirilmoqda.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha zarur hujjatlar yuritilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, yuqoridagi janjalkash ona-bola o‘tgan yil 18-yanvar kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali 3-tez tibbiy yordami podstansiyasi hamshirasi D.B.ni ham sababsiz haqorat qilishgan. Hamshira tahdid qilinganda qochib qolishga ulgurgan.